«O‘zbekgidroenerg» ustav kapitalidagi davlat ulushi «Raqamli ishonch» iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkaziladi, deyiladi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 15 yanvardagi qarorida.

Maqsad — «O‘zbekenergo» boshqaruv tizimiga korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek gidroenergetikaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘li bilan korxonalar va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat.

Jamg‘arma kompaniya ustav kapitalida davlat nomidan aksioner bo‘ladi, biroq sof foydani taqsimlash, kompaniyani qayta tashkil etish yoki tugatish kabi masalalarda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishib ish tutadi.

«Raqamli ishonch» jamg‘armasi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida investitsion, moliyaviy va boshqa resurslarni konsolidatsiya qilish (birlashtirish) maqsadida tashkil etilgan edi.

O‘tgan yilning iyulida prezident qarori bilan «O‘zbekenergo» va «O‘zbekgidroenergo» kompaniyalariga raqamli iqtisodiyot elementlari va kriptoaktivlar faoliyati (jumladan mayning) bazasida sinov loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish topshirilgan edi.

Ma’lumotnoma. «O‘zbekgidro» tarkibida 37 ta gidroelektr stansiyasi mavjud bo‘lib, mamlakatdagi elektr energiyasining 10 foizga yaqinini ishlab chiqaradi. GESlarning umumiy quvvati 1854 MVt va yog‘ingarchiliklar darajasiga qarab 6,5 mlrd kVt-s.gacha elektr energiyasi hosil qiladi.

O‘zbekistondagi elektr energiyasining 80 foizi esa tabiiy gaz hisobiga ishlab chiqariladi.