Osiyo Kubogi guruh bosqichi doirasida o‘tkaziladigan Yaponiya hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan O‘bekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper OAV xodimlari savollariga javob qaytardi. Matbuot anjumani davomida Kuperga yarimhimoyachi Javohir Sidiqov hamrohlik qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ektor Kuper: Ertaga Osiyoning kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushishimizni his qilib turibmiz. Bu biz uchun muhim uchrashuv. Navbatdagi bosqichdagi taqdirimizga ta’sir qiladigan o‘yin hisoblanadi. Biz bahsda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. 1/8 finalda esa kimga qarshi o‘yin o‘tkazishimizning farqi yo‘q. Faqat ertangi o‘yin haqida emas, pley-off haqida ham o‘ylayapmiz. Ba’zi futbolchilar ikkita o‘yinda ham ishtirok etishdi. Charchoq alomatlari bor futbolchilarga ertaga dam olish imkoniyatini yaratib berishimiz mumkin. Ammo, bu biz uch ochko uchun maydonga tushmoqchi emasmiz degani emas. Yaponiyaga qarshi o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni o‘tkazmoqchimiz.

Javohir Sidiqov: Yaponiya Osiyoning eng yaxshi terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Biz ushbu uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ertangi o‘yin qanday ahamiyatga ega ekanligini har bir futbolchi tushunib turibdi. Biz oldinda turgan har bir uchrashuv haqida o‘ylashimiz lozim.

Ektor Kuper: Ertaga albatta uch ochko uchun maydonga tushamiz. 180 daqiqa o‘ynagan ba’zi futbolchilarga balki dam olish imkoniyatini beramiz. Shuningdek, hisobida sariq kartochkasi bor futbolchilarimizni ham o‘ylaymiz. Agar ertaga ular yana ogohlantirish olsalar, 1/8 finalda o‘ynay olmaydilar. Misr terma jamoasi bilan Afrika kubogida bunday futbolchilarni maydonga tushirishga qaror qilgandim. Keyinchalik bu xato qaror ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu xatoni O‘zbekiston terma jamoasida takrorlamayman. Bu yerda ishga boshqacha yondashyapman.

Bizga g‘alaba juda zarur. Asosiy maqsadimiz — g‘alaba qozonish. Shuning uchun ham ertaga uch ochko uchun o‘ynaymiz. Tarkibimizdagi 23 nafar futbolchining barchasi o‘yinga tayyor. Ular maydonga tusha oladilar.

Menga 1/8 finalda kimga qarshi o‘ynashimizning farqi yo‘q. To‘g‘ri, balki Avstraliya kuchli terma jamoadir. Ammo, bu yerda har bir jamoa «syurpriz» qila oladi. Siz Osiyo Kubogida g‘olib bo‘lishni xohlasangiz, istalgan raqib bilan o‘ynashingiz lozim. Qayerda ishlashimdan qat’i nazar men uchun qoidalarim o‘zgarmaydi — Yevropa, Amerikami, Osiyomi. Men har bir o‘yinga g‘alaba uchun chiqaman.

Tarix yoki statistika bilan o‘zini xursand qilish albatta yaxshi. Ammo, bitta uchrashuvda bu katta ahamiyatga ega emas. O‘yin paytida biz bu haqida o‘ylamaymiz. Futbolda barcha narsa maydonda hal bo‘ladi.

Javohir Sidiqov: Bungacha Yaponiya terma jamoasi bilan ko‘p marotaba o‘yin o‘tkazganman. O‘smirlar, yoshlar terma jamoasi safida ushbu yurt jamoalariga hech qachon mag‘lub bo‘lmaganman. Xitoyda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati chorak finalida ham Yaponiyani mag‘lub eta olganmiz. Jamoadoshlarim o‘ziga ishonmoqda.

Ektor Kuper: Agar Yaponiyani mag‘lub etishning qandaydir sirini bilsam, uni albatta qo‘llagan bo‘lardim. Biz qisqa vaqt ichida o‘yinni rivojlantirishga, jamoani shakllantirishga harakat qildik. Raqib kuchli. Tezkor futbolchilarga ega, yaxshi pressing uyushtira oladi. Bizning birinchi navbatdagi vazifamiz ularga imkoniyat bermaslik. Har qanday vaziyatga tayyor tura olishimiz kerak.

Keyingi bosqichni qaysi shaharda, qaysi stadionda o‘tkazishimizning farqi yo‘q. BAAda sharoitlar ajoyib. Biz ertaga faqat uch ochko uchun o‘ynaymiz.