Joriy yilning 15 yanvar kuni Respublika «Barkamol avlod» markazida bolalarga robot va dasturlarni ishlab chiqishni o‘rganish imkonini beruvchi RoboCraft ixtisoslashtirilgan kurslarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

RoboCraft — maxsus kurslardan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlarda o‘quvchilar robotlarni yig‘ish hamda ularni dasturlashni o‘rganishi mumkin. Mazkur kurs asoschilari tomonidan o‘quv jarayonida o‘ziga xos yondashuv joriy etilishi, shuningdek, mashg‘ulotlarni zamonaviy ta’lim modellariga tayangan holda o‘tish taklifi berilgan. Xususan, kurs mashg‘ulotlari STEAM metodikasi asosida o‘tiladi. Ushbu ta’lim modeli o‘quvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qo‘llashda ham ko‘mak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib, kelajakda o‘zi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.

RoboCraft kurslari ta’lim yo‘nalishidagi davlat va xususiy sektorning birinchi qo‘shma loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Ta’kidlash joizki, RoboCraft mashg‘ulotlari Respublika «Barkamol avlod» markazida bo‘lib o‘tadi. Markaz o‘quv jarayonini oson, texnologik qulay va qiziqarli o‘tishi uchun barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Kelgusida mazkur loyiha yurtimizdagi barcha «Barkamol avlod» markazlarini qamrab oladi.

Dastlabki bosqichda o‘quvchilar SCRATCH asosida dasturlash bilan tanishtirilib, robot-dizayner Junior E misolida mexatronika asoslari bo‘yicha ta’lim oladi. Shu tarzda algoritmlash bo‘yicha asosiy bilim va zarur ko‘nikmalarni olib, shaxsiy robotlarini boshqarishni o‘rganishadi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tadbirning ochilish marosimida mazkur loyiha ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mehnat bozoridagi raqobat hamda xalqaro talablar o‘quvchilardan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni hamda fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika yo‘nalishlarini puxta o‘zlashtirishlarini talab etishini alohida ta’kidladi. Qolaversa, ushbu loyiha ijtimoiy soha bo‘yicha investorlarni jalb etish hamda ta’lim sohasidagi innovatsion islohotlar yo‘lida davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirishga asos bo‘lishini eslatib o‘tdi.

Xalq ta’limi vazirligi kelgusida sarmoyadorlar bilan birgalikda yuqori malakali va raqobatbardosh yosh avlodni tayyorlash maqsadida «Barkamol avlod» markazlarini zamonaviy AKT vositalari bilan jihozlashni rejalashtirmoqda.