5 yanvar kuni PFL vakillari O‘FA rahbariyati bilan uchrashuvda ishtirok etdi. Unda milliy chempionatning 2019 yilgi mavsumi yuzasidan muhokamalar bordi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘tgan yil so‘ngida qilgan eng yaxshi ishimiz — PFLni alohida chiqarib yuborganimiz bo‘ldi. Endi bu tashkilot o‘z aravasini o‘zi tortishni boshladi. Kechagi muhokamadan ko‘nglim to‘ldi. Hatto ayrim bandlar yuzasidan PFL yigitlari men bilan tortishishgacha borishdi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak. Mamlakat futbolini ko‘tarish yo‘lida biz bunday erkin muloqot va muhokamalarga tayyormiz», — deb so‘z boshladi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov.

Superliga formati haqida

«Superliga formatini rosa muhokama qilishdi, xuddiki mamlakat futboli rivojiga shu format to‘sqinlik qilayotgandek. Har qanday inson mag‘lubiyatni to‘g‘ri tan ola bilishi kerak. Kelishilgan o‘yinlar yoki intriganing yo‘qolib qolishi kabi masalalar istalgan formatda yuz berishi mumkin. Muhimi o‘tgan mavsumni hamma «0» ochkodan boshladi va hech kimga alohida imtiyoz berilmadi. Hammada chempionlik uchun birdek imkoniyat bor edi. «Metallurg», «Buxoro», «Nasaf» yoki «Qizilqum"ning intrigadan chetda qolgani oddiy holat. Istalgan formatda ham o‘rtalik jamoalarida shunday bo‘ladi. Muhimi quyi ligaga tushib ketmaslik, chempionlik masalasi, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun yaxshi kurash ketdi.

Futboldagi shuncha muammo turganida formatni bayroq qilib olgan hurmati biz formatni o‘zgartirdik. Ko‘raylikchi, endi kim nima o‘ylab toparkin".