O‘zbekiston Respublikasida 2018 yilda 1561 nafar turli toifadagi mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Bularning aksariyatini — 580 nafar xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbarlari, 257 nafari — ta’lim sohasi, 83 nafari — sog‘liqni saqlash tizimi, qolgan qismini boshqa soha vakillari tashkil qiladi.

Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 39 nafari respublika, qolganlari viloyat tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan bu xodimlarning 821 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 138 nafari pora olish va berish, qolganlari esa boshqa mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgar bo‘lgan.