O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlamentga an’anaviy murojaatida fuqarolar soliqdan qochish emas, uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«2019 yildan boshlab joriy etilayotgan yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy g‘oyasi, soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qo‘llashni ko‘zda tutadi. Shu orqali iqtisodiyotimiz raqobat-bardoshligini oshirish, tadbirkor va investorlar uchun har tomonlama qulay muhit yaratishga erishish mumkin», — dedi davlat rahbari.

«Afsuski, yalpi ichki mahsulotda „yashirin“ iqtisodiyotning ulushi katta bo‘lib, bu mamlakat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — deya davom ettirdi u.

Shavkat Mirziyoyev soliq yukini kamaytirish, biznes yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, «yashirin» iqtisodiyotga barham berishning yagona yo‘li ekanini aytib o‘tdi. Shuning uchun bu borada ta’sirchan choralarni nazarda tutadigan alohida dastur ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

«Bundan tashqari, o‘zimizda ishlab chiqarilgan va import qilinayotgan yuqori likvidli mahsulotlar markirovkasini joriy etish bo‘yicha, jadal ish olib borish talab etiladi», — dedi prezident.

«Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo‘lgan insofli, halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, yashirin faoliyat yuritadiganlarni esa jazolash ko‘zda tutilishi shart», — dedi davlat rahbari.

«Ma’lumki, soliq stavkalari pasaytirilishi yoki ayrim soliqlar bekor qilinishi bilan, byudjetga tushadigan mablag‘ albatta кам́аяди, — deya davom ettirdi davlat rahbari. — Buni samarali soliq ma’muriyatchiligi orqali bartaraf etish va byudjet barqarorligini ta’minlash mumkin. Aynan shunga erishish birinchi galdagi vazifamizdir. Soliq ma’muriyatchiligi shunday bo‘lishi kerakki, qo‘shilgan qiymat solig‘i keng joriy qilinsa ham, bu holat iste’mol tovarlarining narxi o‘sishiga olib kelmasligi shart va zarur».

Moliya vaziri va Davlat soliq qo‘mitasi raisi soliq ma’muriyatchiligi samaradorligi hamda byudjet va iste’mol mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlashga, shaxsan mas’ul etib belgilanadi.

«Soliq ю́кини kamaytirish hisobiga barchaga bir xil adolatli soliq rejimini joriy etish, soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish lozim. Zero, berilgan imtiyoz raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, tadbirkorlarning o‘zlari ham e’tirof etmoqdalar. Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ana shu masala bo‘yicha „yo‘l xaritasi“ ishlab chiqish vazifasi topshiriladi», — dedi prezident.