Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomada pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish zarurligini aytdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yaqinda ushbu masala bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ishlaydigan barcha pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanishi belgilandi.

«Pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda. Islohotlarning keyingi bosqichida ushbu cheklovlar butunlay bekor qilinadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari parlamentga murojaatnomasida ayni vaqtda nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oila a’zolarini, o‘n olti yoshgacha davrdagi boquvchisini yo‘qotganlarni ijtimoiy muhofaza qilish masalasi doimo e’tiborda turishi kerak, umrini nogiron farzandiga qarash, uni parvarish qilishga bag‘ishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turini joriy etamiz, deb ta’kidladi.