O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va sportni yanada ommalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifadir. Bu masalada hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat beramiz. Yosh avlodimiz o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida eng chekka tumanlarda ham bolalar va o‘smirlar sport maktablarini tashkil etamiz.

2020 yilda Tokioda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiadaga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak.

Yana bir muhim masala — mamlakatimizda qishki sport turlari bo‘yicha xalqaro talablar darajasida sportchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratish kerak.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan «Humo» muz sporti saroyi, shuningdek, yaqinda Toshkent viloyatining Amirsoy dam olish maskanida ishga tushiriladigan zamonaviy majmua ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Afsuski, hozirga qadar yurtimizda Olimpiya yoki Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli sport musobaqalari o‘tkazilmagan. Shu bois yaxshi niyat bilan kelgusida yozgi Osiyo o‘yinlaridan biriga mezbonlik qilish bo‘yicha istiqbolli reja ishlab chiqishni boshlashimiz kerak", deya ta’kidladi prezident.