Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi libosi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlarga milliy terma jamoamiz uchun Jako kompaniyasi tomonidan tayyorlangan yangi formalar namoyish qilindi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan shartnoma imolagan va ushbu shartnomaga ko‘ra O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi — 2019 dan boshlab yangi liboslarda maydonda to‘p surishi belgilab qo‘yilgandi.

O‘FA Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olim Arifov Jako kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha yig‘ilganlarga quyidagilarni ma’lum qildi: «Germaniyaning Jako kompaniyasi biz uchun manfaatli bo‘lgan shartlar asosida liboslarni taqdim qilmoqda. Milliy terma jamoamiz a’zolariga 116 xil libos va aksessuarlar bepul taqdim qilinsa, qolgan terma jamoalarga 50 foizli chegirma asosida formalar yetkazib beriladi.

Yetkazib berilayotgan liboslar ichida har qanday ob-havo sharoitida mashg‘ulot o‘tkazish va maydonda harakat qilishga mo‘ljallangan libos va aksessuarlar mavjud.

Jako kompaniyasi bilan 3 yillik shartnoma imzolangan bo‘lib, milliy terma jamoamiz jahon chempionati saralashida muvaffaqiyatli qatnashsa, shartnoma muddati uzaytiriladi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi".