Har yili dunyoda 12 milliondan ortiqroq kishi atrof-muhit holati: havo, suv sifati yoki ko‘zga ko‘rinmas kimyoviy moddalar sababli olamdan ko‘z yummoqda. Ko‘pchilik to‘fonlar, qurg‘oqchilik yoki iqlim bilan bog‘liq infeksion kasalliklardan vafot etmoqda.

Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus hamda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) bosh direktori Petter Taalas imzolagan Iqlim, atrof-muhit va salomatlik sohasida hamkorlik doiraviy dasturida so‘z boradi, deya xabar qildi BMT Yangiliklar markazi.

Petter Taalas tabiiy ofatlar insonlar o‘limiga sabab bo‘lishi bilan bir qatorda, inson salomatligi uchun uzoq muddat jiddiy zarar yetkazuvchi oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, ko‘plab infeksion kasalliklar, jumladan malyariya (bezgak) va Denge bezgagi ob-havoga: yog‘ingarchiliklar miqdori va havo haroratiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.

Dasturning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, meteorologlarning yaqinlashib kelayotgan to‘fon yoki issiq havo, havo yoki suvning ifloslangani to‘g‘risidagi axborotlarni o‘z vaqtida tarqatishi tibbiyot mutaxassislariga ko‘plab insonlarning hayotini qutqarib qolishga yordam berib, xavf-xatarlar darajasini pasaytirishga erishish mumkin

Kelishuvlarga muvofiq, tibbiyotchilar ob-havo, iqlim, atmosfera va gidrologiya holatiga oid ishonchli ilmiy ma’lumotlardan foydalana oladi. JSST va JMT yangi kelishuvni amalga oshirish uchun Iqlim va salomatlik bo‘yicha qo‘shma byuroga asos soldi.