25 dekabr kuni «Birlashgan» (O‘zbekiston) — «Ak-Tash» (Qirg‘iziston) o‘tkazish punkti Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Kara-Suuy tumani Barak anklavi aholisining to‘siqlarsiz o‘tishi uchun soddalashtirilgan tartibda ishlashni boshladi, deya xabar qildi Qirg‘iziston hukumat devoni matbuot xizmati.

O‘tkazish punkti har kuni 9:00 dan 19:00 ga qadar, favqulodda vaziyatlarda esa kunu tun ishlaydi.

O‘tkazish punkti 2013 yil bahorida yopilgan edi. Qirg‘iziston chegara xizmati bilan kelishuvga muvofiq, qishloqqa oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy dori vositalari, urug‘ va o‘g‘it yetkazib turilgan.

Bungacha anklav aholisi «Qizil-Qiya-avtoyo‘li» nazorat-o‘tkazish punkti orqali chegarani kesib o‘tish uchun 150 km masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lgan. O‘shgacha borish uchun esa ular 300 km ga yaqin yo‘l bosgan.

O‘tkazish punkti faoliyatini qaytadan boshlash to‘g‘risidagi kelishuvga 18 dekabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradosh viloyatlari rahbari kengashi yig‘ilishida ikki mamlakat bosh vazirlari Abdulla Aripov va Muhammedkaliy Abilgaziyev muzokaralari chog‘ida erishilgan edi.