O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni yaqinda 94 yoshda hayotdan ko‘z yumgan jamoat arbobi Madaminjon Hasanov xonadoniga tashrif buyurdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari uning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Qur’on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi.

Madaminjon Hasanov yirik jamoat arbobi, «Nuroniy» jamg‘armasining taniqli vakili, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi edi.

Foto: O‘zA

Madaminjon Hasanov 1924 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. Uning yoshligi Ikkinchi jahon urushi davriga to‘g‘ri kelib, 1942−1946 yillarda front maydonlaridagi og‘ir janglarda mardona ishtirok etdi. Fashizmga qarshi kurashdagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi.

U urushdan so‘ng Moskva oliy kooperativ markaziy maktabini tugatib, respublikaning turli savdo tashkilotlarida xizmat qildi. Jumladan, 1956−1959 yillarda «O‘zbektekstiltorg"ning Andijon viloyati bazasi direktori, 1959−1966 yillarda «O‘zbekbirlashuv» boshqaruvining raisi bo‘lib ishladi.

Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullandi. 1979−2004 yillarda «Sog‘lomlashtirish markazi» ilmiy-tadqiqot muassasasiga rahbarlik qildi.

O‘zining ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida Madaminjon Hasanov keng bilimi, katta hayotiy tajribasi va shaxsiy namunasi bilan respublikamizda savdo tizimini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi.

U 2004 yilda nafaqaga chiqqanidan so‘ng O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasining faoli sifatida ko‘plab ibratli ishlarni amalga oshirdi.

Madaminjon Hasanovning ko‘p yillik samarali mehnati munosib taqdirlandi. U «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan savdo xodimi» faxriy unvoni, «Jasorat» medali, «Mehnat shuhrati», «Do‘stlik» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan edi.