«O‘zavtosanoat» kompaniyasi Amerikaning General Motors korporatsiyasidan Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodining qolgan aksiyalarini sotib olib, zavodning yagona aksioneriga aylandi, deya xabar qildi «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov «Gazeta.uz"ga.

Kompaniyaning sobiq rahbari, hozirda «O‘zavtosanoat» raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Umidjon Salimov may oyi oxirida hukumat qarori bilan Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodi aksiyalari sotib olinayotganini ma’lum qilgan edi. O‘sha vaqtda General Motors 10 foiz aksiyalarga egalik qilgan.

Shavkat Umurzoqov aksiyalar to‘liq sotib olinganini tasdiqlab, parallel ravishda Toshkentdagi GM Powertrain Uzbekistan motor zavodi aksiyalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi. «Kelgusi yili GM Powertrain Uzbekistan motor zavodi bo‘yicha kelishuv bor. GM 52 foiz aksiyalarga egalik qiladi», — dedi u.

Oktyabr oyi so‘ngida O‘zavtosanoat" kompaniyasi va General Motors hamkorlikning yangi platformasi — «GM O‘zbekiston alyansi"ga o‘tilayotganini e’lon qildi. Alyans doirasida tomonlar O‘zbekistonda avtomobillar va dvigatellar ishlab chiqarish hamda Chevrolet (ichki bozorda) va Ravon (tashqida) brendlari ostida avtomobillarni sotish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi 2008 yilda «O‘zavtosanoat» (75% aksiyalar) va General Motors (25%) tomonidan tashkil etilgan edi. Yiliga 250 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.