Turkiston-Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo‘ja O‘zbekiston davlat mukofoti — «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi. Ordenni 15 dekabr kuni O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov topshirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni Abdulla Xo‘jani milliy qadriyatlar hamda an’analarni avaylash, AQSHdagi vatandoshlarni jipslashtirish, O‘zbekiston va Amerika xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi fidokorona xizmatlari uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlashga oid farmonni imzolagan edi.

Turkiston-Amerika uyushmasi 1958-yili Filadelfiya shahrida AQSH va Kanada davlatlaridagi markaziy osiyolik muhojirlarni birlashtirgan ilk va to‘laqonli uyushmalardan biri sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda uyushmasi a’zolarining 80 foizidan ko‘prog‘i AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlardir.

Uyushma prezidenti Abdulla Xo‘ja AQSH fuqarosi, ota-onasi asli o‘zbekistonlik, XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar tufayli avval Afg‘onistonga, so‘ngra AQSHga ko‘chib borishgan.