O‘zbekiston o‘q otish sporti, shuningdek O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi vakillari bilan Milliy olimpiya qo‘mitasida Tokio 2020 olimpiadasiga atab ishlab chiqilgan strategiya muhokama qilindi. Ular olimpiya o‘yinlari uchun ishlangan rejalari bilan MOQni tanishtirishdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

O‘q otish sporti federatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda yil davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Jumladan, federatsiya bosh kotibi Jaloliddin Atabullayev bu yil viloyatlarda ochilgan bo‘limlar, xalqaro miqyoda olib borilgan ishlar, moddiy texnik bazani kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berdi. Shuningdek, murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha tashkil etiladigan seminar haqida gapirib berdi.

O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham tashkilotning yil davomida amalga oshirgan ishlari tahlil qilindi. Bundan tashqari, reyting turnirlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Terma jamoa sportchilari uchun tashkil etiladigan mashg‘ulotlar uslubi eskirganligi, bu borada jahonda yetakchi mamlakatlar tajribasini tatbiq etish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, terma jamoa uchun yangi nomlarni jalb qilish kerakligiga e’tibor qaratildi.