Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi Z.I. pora olganlikda ayblanmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

11 dekabr kuni fuqaro M.E. Xorazm viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, unda Z.I. turar-joyga nisbatan mulk huquqini belgilash bo‘yicha nizoli masalani hal qilishi evaziga 12 ming AQSH dollarini pora tariqasida talab qilayotganini ma’lum qilgan.

Mazkur murojaatga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, sudya Z.I. fuqaro M.A.ning Urganch tumanida joylashgan turar-joyiga nisbatan mulk huquqini belgilash bo‘yicha nizoli masalani rahbarlar bilan gaplashib, uning foydasiga hal qilib berish evaziga uning ishonchli vakili A.E.dan 12 ming AQSH dollari olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.

O‘tkazilgan tadbir yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida 14 dekabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi Z.I.ga nisbatan O‘zbekiston «Sudlar to‘g‘risida"gi Qonunining 70- moddasiga muvofiq holda, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Xorazm viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.