O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari: tahlillar, imkoniyatlar va istiqbollar» mavzusida forum tashkil etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘tkazilgan xatlov natijasida respublika bo‘yicha 48 ming 150 bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ob’ektlar mavjudligi aniqlandi. Idoralararo komissiyalar tomonidan har bir ob’ektga individual yondashuv asosida mulkdorlar bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Mulkdorlar oldida turgan muammoli holatlarni bartaraf etish hisobiga ayni vaqtgacha 15 ming 205 investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Ularni to‘liq amalga oshirish orqali hududlarga 11 trillion so‘mdan ortiq xususiy investitsiyalar jalb qilinishi, 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming 254 loyiha amalga oshirildi, natijada 15 ming ish o‘rni yaratildi.

2017 yilda 1 ming 137 bo‘sh turgan korxonalar faoliyati tiklangan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 5 mingga yaqinlashdi. Buning natijasida 15 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.