O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov payshanba kuni Lufthansa aviakompaniyasining MDHdagi mintaqaviy direktori Ronald Shuls bilan hamkorlik to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar qildi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi «Gazeta.uz"ga.

Lufthansa Germaniya aviakompaniyasining O‘zbekistonga doimiy parvozlarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Hozirda Lufthansa «Frankfurt-Boku-Ashxobod» yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlarini «Frankfurt-Boku-Toshkent"ga o‘zgartirishni mo‘ljallamoqda. Boshlang‘ich bosqichda haftasiga uchta reysni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston tomoni yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi qator mintaqaviy aeroportlar, jumladan Qarshi va Andijondagi aeroportlar uchun «ochiq osmon» tamoyilini joriy etish masalasi ham muhokama qilindi.

Tomonlar Germaniya aviakompaniyasi O‘zbekistonni Yevropadan Janubi-Sharqiy Osiyoga amalga oshiriluvchi reyslar uchun tranzit aviatsion xab sifatida ko‘rish mumkinligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq — 1993 yildan 2001 yilgacha — Lufthansa Toshkentdan Frankfurtga doimiy yo‘lovchi reyslarini amalga oshirgan. Yo‘nalish 2001 yil 11 sentyabr hodisalaridan so‘ng aviatashuvlarga talab tushib ketgani munosabati bilan yopildi. Reyslar 2010 yilda qayta tiklandi, biroq tez orada yana to‘xtatildi.