2018 yilda 1177 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga qo‘l urgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tdi.

«Televizorda har kuni ko‘rib turibsiz: bankda, hokimiyatda, shifoxonada, prokuraturada, ichki ishlar organlarida [korrupsiya]. Qachon bu kasallikdan xalos bo‘lamiz? Qachon butun mamlakat bo‘lib unga qarshi kurashamiz? 1177 mansabdor shaxs orasida viloyat hokimlari ham bor», — dedi davlat rahbari.

Korrupsiya bilan O‘zbekiston hech qachon oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erisha olmaydi. «1177 kishi, bu — juda katta raqam. Bu nima degani? Bu jamiyatimiz adolat, halollik, mas’uliyat, xalq ehtiyojlarini qondirish, xalqqa xizmat qilish kabi tushunchalardan hali uzoqligidan dalolat beradi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitalarini tuzishni taklif qildi.