1 dekabr kuni Toshkentning Olmazor tumanidagi Sag‘bon ko‘chasida oltita mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar berdi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.

Hyundai avtomobili haydovchisi U. Yo. sog‘lig‘i to‘satdan yomonlashgani sababli mashina boshqaruvini yo‘qotib, piyoda T. I.ni urib yuboradi. So‘ngra yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, «VAZ-2106», Isuzu, Spark va ikki Damas avtomobiliga to‘qnashib ketadi.

YTH natijasida Hyundai haydovchisi shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi, fuqaro T. I, shifoxonaga yotqizildi. Tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Avvalroq ham, payshanba kuni poytaxtda olti avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgan edi.