Mustaqil nomzod Salome Zurabishvili Gruziya prezidentligiga saylovda g‘alaba qozondi, deya xabar qildi RIA Novosti. Shunday qilib, u mamlakatdagi ilk ayol prezidentga aylandi.

Markaziy saylov komissisi ma’lumotlariga ko‘ra, 66 yoshli Zurabishvili 59,52 foiz, raqibi Grigol Vashadze esa 40,48 foiz ovoz to‘pladi.

Yangi saylangan prezident Moskva va G‘arb o‘rtasida muvozanatli munosabatlarni o‘rnatish tarafdori, deya qayd etdi BBC rus xizmati. Uning raqibi esa G‘arb bilan yaqin bo‘lishni qat’iy yoqlagan.

Prezidentlik vakolati muddati olti yilni tashkil etadi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish orqali o‘tgan so‘nggi saylovdir, kelgusida davlat rahbarini 300 nafar delegat tayinlaydi.

Inauguratsiya marosimi 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Salome Zurabishvili Parijda gruzin siyosiy muhojirlari oilasida tug‘ilgan. 30 yildan ziyod vaqt Fransiya TIV tizimida ishlagan. 2004 yildan 2005 yilgacha Gruziya tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2013 yilda ham u Gruziya prezidentligi uchun nomzodini ilgari surgan, biroq u Fransiya va Gruziya fuqaroligiga ega bo‘lgani uchun rad javobini olgan. Avgustda Salome Zurabishvili davlat rahbari saylovida ishtirok etish uchun Fransiya fuqaroligidan voz kechdi.