Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etayotgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 28 noyabr kuni Jenevada Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni kengaytirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Bugungi kunda ikki davlat prezidentlarining rahbarligi ostida va shaxsan ishtiroki natijasida ko‘p qirrali va o‘suvchan ahamiyat kasb etib borayotgan O‘zbekiston — Afg‘oniston muloqotining izchil rivojlanayotgani e’tirof etildi.

Muhammad Ashraf G‘ani O‘zbekistonning Afg‘onistondagi tinchlik va hamjihatlikka ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi hamda mamlakatdagi yirik infrastruktura va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishdagi qo‘llab-quvvatlash va ishtirok uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.