27 noyabr kuni taxminan 12:25 da «101» raqamiga Yakkasaroy tumanidagi Shoxjahon ko‘chasida joylashgan «Fortuna» xususiy bolalar bog‘chasida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar kelib tushdi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

O‘t o‘chiruvchilar hodisa joyiga zudlik bilan yetib keldi va 12:41 da olov to‘liq bartaraf etildi. Yong‘in natijasida binolardan birida 3 kv. m maydondagi shift va devor yongan.

Bolalar va xodimlardan hech kim jarohat olmagan. Yong‘inga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, konditsioner elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgani aniqlandi.