O‘zA poytaxtda «Sergeli yarmarkasi» yopilishidan 1,5 ming kishi ishsiz qolgani, davlat g‘aznasi kunlik 15 mlrd so‘mlik tushumdan mahrum bo‘lgani, bozorda faoliyat ko‘rsatgan tadbirkorlar sakkiz oydan buyon sarson qilinayotgani to‘g‘risidagi tanqidiy maqolani e’lon qildi. Quyida mazkur maqolani to‘liqligicha e’lon qilamiz.


Foto: O‘zA

Bu bozordan har kuni davlatga qariyb 15 milliard so‘m topshirilardi, bugun esa hech vaqo…

1,5 ming nafardan ortiq odam mehnat qilib, oilasini boqardi, bugun esa ular ish izlash bilan ovora…

Eng yomoni, bundan nafaqat tadbirkorlar, balki xalqning ham aziyat chekayotganidir…

Balki bu safar Toshkent shahar hokimi bu masalani o‘z nazoratiga olar, tag‘in kim bilsin…

Poytaxtimizning Sergeli tumanida faoliyat yuritgan, xalq orasida «Sergeli yarmarkasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan bozor minglab odamlarning koriga yaragan. Bozorning joylashuv nuqtasi har tomonlama qulay, ya’ni tumandagi «Quruvchilar», «Do‘stlik» va boshqa o‘nlab mavzelarning qoq o‘rtasida bo‘lgani uchun ham xalqning qadami bu yerdan uzilmasdi.

Ko‘p tarmoqli bozor markazida dehqon bozori, atrofida oziq-ovqat va yuzdan ziyod turli xildagi buyumlar do‘konlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritgan. Do‘konlarning o‘zi yuzdan ziyod bo‘lib, bozorda 1,5 ming odam mehnat qilgan. Mazkur bozordan har kuni qariyb 15 milliard so‘m g‘aznaga topshirilgan.

Bu «Sergeli yarmarkasi» ishlab turgan paytdagi holat. Nima bo‘ldi-yu, bozorni buzish, uni boshqa yerga ko‘chirish haqida gap chiqib qoldi. Bu oddiy «mish-mish» emas, haqiqat ekaniga bozorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham, ularning xizmatidan foydalanib kelayotgan aholi ham buzish ishlari boshlangan onlarda amin bo‘lishdi.

Qoida bo‘yicha, buzilayotgan inshoot o‘rniga boshqasi berilishi, mulkka putur yetkazilgani uchun kompensatsiya to‘lanishi kerak. Bu yerda esa hammasi aksincha bo‘ldi. Tadbirkorlardan biri Gulchehra G‘afurjonovaning kiyim-kechak sotiladigan do‘koni hali ishlab turgan, ichi tovarlarga to‘la bo‘lgan holatda buldozer nishoniga aylandi.

Bu holatni tasavvur qilib, odamning ishongisi kelmaydi. Qarama-qarshiliklar avj olgan, urush ketayotgan o‘lkalarni eslatib yuboradi bu. Chunki bunday qaltis vaziyatda uvolchilik bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi. Ammo tinch zamonda, yana nonning ushog‘i ham uvol sanaladigan yurtimizda birovning mehnatini bu tarzda oyoqosti qilinishi hech bir me’yorga to‘g‘ri kelmaydi.

Bu daqiqalarda do‘koni buzilib, tirikchiligi barbod etilishidan norozi bo‘lgan bir guruh tadbirkorlar bilan G.G‘afurjonova Prezident Xalq qabulxonasiga shikoyat ko‘tarib borgan edi.

Do‘koniga qaytib kelib, yer bilan yakson qilingan tovarlarini ko‘rib, Gulchehra opaning fig‘oni falakka chiqdi. Uning «Nega? Nega? Nega?», degan savollariga «Bosh ko‘targaning uchun», degan javob berildi.

Yarmarkada oziq-ovqat do‘konini yuritgan tadbirkor Rashid Xamidullinning aytishicha, 2018 yil 15 martda bozorda buzish ishlari boshlangach, 103 do‘konning barchasi faoliyatini to‘xtatgan. Lekin hech bir tadbirkorga haligacha na boshqa joy yoki yer uchastkasi, na yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lanmagan.

Tadbirkorlarning o‘tgan sakkiz oydan beri bormagan eshigi, shikoyat qilmagan idorasi qolmadi. Natija bo‘lmagach, tadbirkorlar — G. Rasulova va boshqalar Toshkent shahar Sergeli tumani ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sud tadbirkorlarning shikoyat arizasida ko‘rsatilgan vajlar asosli bo‘lgani uchun uni qanoatlantirgan.

Sud qarorida Sergeli tumani hokimligi mansabdor shaxslarining mazkur bozorda faoliyat yuritgan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zarar turini va miqdorini qoplash bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli komissiya xulosasini olmasdan va bu xulosa bilan qiziquvchi taraflar tanishtirmaganlikda ifodalangan harakatlari qonunga xilof, deb topilgan.

2018 yil 14 sentyabrda sergelilik tadbirkorlar Prezidentning Toshkent shahar Xalq qabulxonasida bo‘lishgan. Ularni Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari va boshqalar qabul qilgan. Qabuldan so‘ng yarmarkani qayta qurish bo‘yicha loyiha tayyorlash bo‘yicha tegishli komissiya qarori qabul qilingan. Tadbirkorlarga yetkazilgan zararni to‘lash bo‘yicha qurilish boshqarmasi va Sergeli tumani hokimligiga topshiriq berilgan.

Bu voqeadan tadbirkorlarning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, muammo yechimini topdi, degan xayolga borishgandi, ammo bu hamon xayolligicha qolib ketmoqda.

Umidsizlik, ishsizlikdan tolgan tadbirkorlar hadeb tuman hokimligiga boravergach, yaqinda tuman hokimi shunday degan: «Yarmarkadan charchab ketdik. Bu yer bizga ham sizga ham bo‘lmaydi. Yaxshisi, yer davlat organlariga bino qurish uchun berib yuboriladi».

Nahotki, mutasaddilar muammoning yechimini topish o‘rniga, undan qutilishga urinayotgan bo‘lsa?

Aslida, avval aniq maqsadni belgilab olib, ya’ni bozor buzilsa, o‘rniga nima quriladi yoki bozorni boshqa yerga ko‘chirish chorasi ko‘rilmasdan buzib tashlangani ajablanarli. Yoki bu poytaxtimizga xos bo‘lgan ish uslubimikin? Chunki birgina «Sergeli yarmarkasi» emas, balki «Aviasozlar» dehqon bozorida ham shunday holatni kuzatish mumkin. Mazkur bozorda ham yangi majmua quriladi, deb atrofi o‘rab, ichi buzib tashlangan katta maydon bir necha yillardan beri huvillab yotibdi.

Eng yomoni, bundan nafaqat tadbirkorlar, balki xalqning ham aziyat chekayotganidir. Bu holatga tomoshabin bo‘layotgan mas’ul shaxslarni kim deb atash mumkin? Ular bugungi kun, zamon talabiga javob berolmayotgan rahbarlar emasmi?

Yuqorida qalamga olingan holatlarning aslida sirligi qolmagan. Boshqa ommaviy axborot vositalarida qayta-qayta bong urilgan, lekin haligacha hech qanday natija yo‘q.

Balki bu safar Toshkent shahar hokimi bu masalani o‘z nazoratiga olar. Agentligimizga shikoyat yo‘llagan sergelilik tadbirkorlar esa muammolaridan Prezidentimiz xabar topishidan umidvor. Ular tadbirkorlarni doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Davlatimiz rahbari bizning holimizni bilsalar, oyoqosti qilinishimizga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi, deb hisoblamoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA