O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoyishiga muvofiq, bugun, erta tongda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘quv trevogasi bo‘yicha ko‘tarildi. Bu haq Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur tadbirda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi tekshiriladi. U besh kun davom etib, to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlar daomida Mudofaa vazirligi Markaziy apparatining boshqaruvni amalga oshirishi hamda qo‘shinlarni yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirishi, shuningdek, bo‘linmalarning uyushqoqlik bilan belgilangan joylarga chiqib ketishi va tezkor vazifalarni bajarishga tayyor ekanligi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqiladi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi, harbiy texnika qurol-yarog‘ va moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi bu kabi keng ko‘lamli tekshiruvdan o‘tkazilmagan, deyiladi xabarda.

Kompleks tekshiruvlarning asosiy vazifasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning jangovar shayligini hamda belgilangan muddat ichida yuklatilgan vazifalarni bajarish imkoniyatlari baholash, o‘tkazilayotgan harbiy o‘quvlarda komandirlar tarkibining jangovar topshiriqlarni bajarish, hujjatlar bilan to‘liq va o‘z vaqtida ishlash ko‘nikmasini sinovdan o‘tkazishdan iborat.