Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi qassob Anvar Ollaberganov 2016 yil 20 oktyabrida fuqaro M.Abdurahmonovaning 9 bosh qoramolini 13 mln so‘mga sotib oladi. Aniqrog‘i qassob bu mollarning pulini uzog‘i bilan ikki oy ichida egasiga qaytarishga va’da beradi. Biroq bu va’dalarni bajarmaydi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining raisi Bobir Umarov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Shundan so‘ng Anvar Ollaberganov oradan ko‘p o‘tmay fuqaro D.Masharipovaning 5 mln so‘mga baholangan — bir bosh, U.Jumaniyozovning 8 mln so‘mlik ikki bosh, J.Qutlimurodovaning 20 million so‘mlik besh bosh, E.Abdullayevning 9,2 mln so‘mlik bir bosh qoramolini nasiyaga qo‘lga kiritadi.

Nasiyaga sotilgan mollar oradan bir-ikki kun o‘tmayoq, kushxonada so‘yilib, go‘shti bozorda sotiladi, pullar esa o‘zlashtirib yuboriladi. Faqatgina mol egalarining qistovlari bilan M.Abdurahmonovaga 4,5 mln, D.Masharipovaga 3,3 mln, J.Qutlimurodovaga 9 mln va E.Abdullayevga 1,2 mln so‘m qaytariladi. Yana bir sotuvchi U.Jumaniyozov esa o‘ziga tegishli 8 mln so‘mning bir tiyinini ham ololmadi. Qassob 37,2 mln so‘mni o‘z cho‘ntagiga uradi.

Asli qo‘shko‘pirlik Ozodboy Otamurodov esa Urganchning gavjum joylaridan birida do‘kon ochib, ulushdorlik asosida «Koka-kola» ichimligi savdosini yo‘lga qo‘yadi. Tez orada uning do‘koniga «Koka-kola» uchun pul tikishga tayyor hissadorlar safi ortib boradi.

Jumladan, K.Ibrohimov jami 140 mln, R.Matchonov 94 mln, B.Sherniyozov 40 mln so‘m pul «tikadi». Ozodboy Otamurodov bu pullarni mo‘may foizlar bilan egalariga qaytarish, daromaddan ham ulush ajratish, pirovardida olingan pullarning barini yaxlit holda qaytarib berishga qaratilgan va’dalarini beradi.

Do‘kondor dastlab so‘zida turdi. Olingan pulning son-salmog‘i va hajmiga qarab hissadorlarga foiz va daromad pullarini to‘lashni kanda qilmadi. Natijada K.Ibrohimovga ko‘rilgan daromadning 24 mln so‘mi, B. Sherniyozovga 10 million so‘mi qaytariladi. Yana bir fuqaro R.Matchonov esa bunday ulushdan bebahra qoldi. Uchala fuqarodan undirilgan jami 274 mln so‘m puldan tashqari olingan daromaddan berilishi lozim bo‘lgan ulush ham beiz yo‘qoladi. O. Otamurodov buni savdo-sotiq ishlari yurishmay qolgani, bozori kasod bo‘lganiga oid bahonalar bilan izohlaydi.

A.Ollaberganov va O.Otamurodovning firibiga chuv tushganlar oxir-oqibat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qiladi. Natijada o‘zgalar pulini o‘zlashtirib olganlarning ishi tergov va sudga tushdi.

A.Ollaberganov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «b» bandi, O. Otamurodov esa shu moddaning 4-qismi «a» bandi bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

A. Ollaberganovga oid jinoyat ishini batafsil ko‘rib chiqqan dastlabki bosqich sudi uni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Ayblanuvchi tomonidan jami 37,2 mln so‘m pul mol egalariga qaytarilgach, A. Ollaberganovni ozodlikdan mahrum qilish yuzasidan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirildi. Sudlanuvchi 2 yilu 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb etildi. Mahkum sud zalidan ozodlikka chiqdi.

O.Otamurodov ham bo‘ynidagi 274 mln so‘mlik qarzini sud jarayonidayoq uzgani sababli ayblanuvchi 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi va qamoqqa olish yuzasidan unga nisbatan muqaddam qo‘llanilgan ehtiyot chorasi bekor qilindi.

Bobur Umarovning qayd etishicha, firibgarlikka oid ishlar yuzasidan yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha chiqarilgan sud hukmlari qoniqarsiz tarzda ijro etilmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, shahar va tuman sudlari joriy yilning 9 oyi mobaynida jami 10,7 mlrd so‘mni hukm yo‘li bilan undirish yuzasidan aybdor shaxslar zimmasiga aniq majburiyatlar yukladi. Biroq o‘tgan vaqt ichida ushbu miqdordagi pullarning atigi 550 mln so‘mi undirilgan xolos.