13 noyabr kuni uchinchi marta Yoshlar startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturi start oldi, deya xabar qildi BMTTD matbuot-ofisi «Gazeta.uz"ga.

Dasturning uchinchi davrasida saralash natijalariga ko‘ra, Toshkentdan 32 ta startap-loyiha ishtirok etadi. O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridan taqdim etilgan loyihalarni saralash uchun alohida tanlov o‘tkaziladi — joriy yilda dastur mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi.

Eng ko‘p elektron tijorat, yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar sohasidagi loyihalar taqdim etilganiga qaramasdan, joriy yilda onlayn-ta’lim, qishloq xo‘jaligi, kraudfanding sohalaridagi loyihalar ham rivojlantiriladi.

Dastur avvalida besh kunlik intensiv seminar tashkil etilib, ishtirokchilarga Lean Startup («tejamkor startap») metodologiyasi bo‘yicha startapni ishga tushirish asoslari o‘rgatiladi. Ta’limiy qismdan so‘ng yosh tadbirkorlarga loyihani amaliy jihatdan yuzaga chiqarish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi — loyihani rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tuziladi, prototip yaratiladi va sinov tariqasida sotish ishlari boshlanadi.

Dastur jarayonida trekerlar (tajribali ustozlar) loyihalarni yo‘naltiradi va maslahatlar berib boradi.

Dasturning har bir bosqichida ishtirokchilar uchun marketing, soliqqa tortish, biznes yuritishning yuridik jihatlari bo‘yicha manzilli master-klaslar tashkil etiladi. Bir qator master-klass va vorkshoplarni Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va AQSHdan kelgan ekspertlar olib boradi.

Bu yil asosiy urg‘u ishtirokchilarni texnik qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi. Buning uchun murabbiy va trekerlar sifatida startaplarni amalga oshirishda katta tajribaga ega tadbirkorlar jalb etiladi. Ekspertlar tarkibida — Paynet, MyTaxi, Robokidz asoschilari, Startup Factory direktori o‘rin olgan.

Dastur yakunlari bo‘yicha bitiruvchi-jamoalar qiziqish bildirgan tashkilot va investorlarni jalb etish uchun Demo Day kunida o‘z loyihalari taqdimotlarini o‘tkazadi. Demo Day yakunlari bo‘yicha eng yaxshi beshta loyiha startaplarni rivojlantirish uchun beg‘araz investitsiya ko‘rinishidagi pul mablag‘lariga ega bo‘ladi.

Dastur O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekiston viloyatlarida tadbirkorlik muhitini takomillashtirish» qo‘shma loyihasi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ittifoqi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.