Xorazm viloyatida yuridik shaxs maqomida faoliyat ko‘rsatayotgan 19762 ta korxona mavjud bo‘lib, bugungi kunda 676 ta korxonaning tovar aylanmasi milliard so‘mdan oshgan. Soliq islohotlari konsepsiyasiga binoan 2018 yil yakuniga ko‘ra, jami umumbelgilangan soliqlarni to‘lovchilar 1200 taga yetishi kutilmoqda. Bu haqda Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi xabar berdi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda hududiy davlat soliq xizmati organlari umumbelgilangan tartibda soliqlarni to‘lashga o‘tayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan ishlash maqsadida 2018 yilni 1 milliard so‘mdan ortiq tovar aylanmasi bilan yakunlashi kutilayotgan yagona soliq to‘lovchi korxonalarning faoliyat turi va hududi bo‘yicha ajratib, amaliy yordam ko‘rsatiladigan 846 ta nomzod xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ro‘yxatini shakllantirdi. Mazkur korxonalarga umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tishi to‘g‘risida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida ularning shaxsiy kabinetiga elektron tarzda xabarnomalar yuborildi.

Soliq to‘lovchilarga soliq islohotlaridagi o‘zgarishlarni targ‘ib qilish uchun har bir shahar va tumanlardagi ro‘yxati shakllantirilgan korxonalarning rahbar va hisobchilari davlat soliq inspeksiyasiga taklif etilib, Davlat soliq qo‘mitasining Malaka oshirish markazi Xorazm bo‘limi mutaxassislari tomonidan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi mas’ul xodimlari viloyatda faoliyat yuritayotgan 150 ta korxona rahbarlari va buxgalterlariga elektron hisob-fakturalarini yuritish qoidalarini o‘rgatishdi. Ahamiyatlisi shundaki, umumbelgilangan soliq to‘lashga o‘tayotgan har bir korxonaga hududiy davlat soliq xizmati organlarining xodimlari biriktirilib, yil yakuni bo‘yicha birinchi marotaba topshiriladigan hisobotlar yoki to‘ldiriladigan elektron hisobvaraq-fakturalari birgalikda amalga oshiriladi.