O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasida 59 nafar tarbiyalanuvchi va 3 xodimning ovqatdan zaharlanishi tafsilotlarini ma’lum qildi. MTV matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar berishicha, hodisadan so‘ng MTM faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 9 noyabr kuni 17:15 dan 10 noyabr 16:00 ga qadar Bekobod tibbiyot birlashmasi infeksion kasalliklar bo‘limiga intoksikatsiya sindromi klinik alomatlari (diareyasiz) bo‘lgan «o‘tkir gastrit, gastroenterit» dastlabki tashxisi bilan 62 kishi yotqizilgan. Og‘ir holatlar qayd etilmagan. 7 nafar bolaning holati o‘rtacha, qolganlari esa o‘rtacha og‘ir holatdi.

Shifoxonaga yotqizilgan bolalar va kattalardan bakteriologik namunalar olinib, laboratoriyaga yuborildi. Epidemiologik o‘rganishlar hamda bakteriologik tekshiruvlar natijalari bo‘yicha yakuniy tashxis qo‘yiladi.

Ayni vaqtda 20 kishi shifoxonadan chiqarildi. 11 noyabr kuni ertalab ahvoli yaxshilangan yana bir qancha bolalarning chiqarilishi ma’lum qilindi.

Tekshiruvlar vaqtida MTMdagi maishiy muzlatkich markalanmagani va nosoz holatda ekani aniqlandi. Tibbiy hamshira tomonidan kunlik namuna olinmagan. MTMda sabzavot va ildiz mevali o‘simliklarni tozalash va ishlov berish uchun alohida xona bo‘lmagan.

Bekobod hokimi MTM uchun muzlatkich uskunasini xarid qilish bo‘yicha choralarni ko‘radi.

Epidemiyaga qarshi choralarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga metodik yordam berish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITI direktori, professor N.Otabekov hamda respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi B.Almatov boshchiligidagi infeksionistlar va epidemiologlar guruhini jo‘natdi.

8-MTM 280 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 11 ta guruh, jumladan 2 ta qisqa muddatli va 9 ta 10,5 soatlik guruh faoliyat ko‘rsatadi. Ro‘yxatga ko‘ra, bolalar bog‘chasiga 235 nafar bola qatnaydi, 9 noyabr kuni esa 205 nafar bola bo‘lgan.

Namunaviy muassasa 1980 yilda qurilgan, markazlashgan suv ta’minoti, tabiiy gazda ishlovchi o‘z qozonxonasi mavjud.

Bekobod DSEM qaroriga ko‘ra, MTM faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, muassasada dezinfeksion tadbirlar o‘tkazilib, to‘liq yuvib chiqiladi.

Bekobod prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 57−1- modda 1- qismi bo‘yicha («Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish») jinoiy ish qo‘zg‘adi.