Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi ma’muriyati juma kuni «Nukus muzeyi do‘stlari» (Friends of Nukus Museum) jamg‘armasining yopilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Niderlandiyada asos solingan insonparvarlik jamg‘armasining 2018 yil so‘ngida yopilishi to‘g‘risidagi xabar 6 noyabr kuni Rossiyaning «Artgid» portalida e’lon qilindi. Internet manbasi jamg‘arma rahbari Devid Pirsga tayanib, tashkilot 2001 yildan buyon Savitskiy muzeyiga moddiy yordam, kitoblar va uskunalar taqdim etib, yordam berib kelganini yozdi.

Jamg‘armaning tarqatib yuborilishini Devid Pirs so‘nggi uch yilda muzeyga tortiq qilingan sovg‘alar, jumladan audiouskunalar va kitoblarning yo‘qolgani bilan izohladi. «Bizga ma’lum bo‘lgani shuki, ular musodara qilingan yoki o‘g‘irlangan», — deya jamg‘arma raisidan iqtibos keltirar ekan, «Artgid» Nukusdagi muzey rahbariyati bu holatga izoh berishdan bosh tortganini qayd etadi.

Savitskiy muzeyi ma’muriyati bayonotida esa muzeyga taqdim etilgan audiouskunalar va bosma mahsulotlarni (kitoblar, otkritkalar) o‘z ichiga olgan insonparvarlik sovg‘alari jamg‘arma ko‘magida ishlab chiqarilgani va muzeyga 2015 yilga qadar muddatda taqdim etilgani aytiladi.

«Barcha bosma mahsulotlar va barcha audiogidlar muzeyda. Biroq 2015 yilda boshlangan muzeyni tekshirish va inventarizatsiya ishlari vaqtida mazkur bosma mahsulotlar [soliq xizmati tomonidan] muhrlangan va muzey ma’muriyati hozircha tegishli organlar ruxsatisiz muhrni buzish va u yerdagi mahsulotlarni chiqarish huquqiga ega emas», — deyiladi bayonotda.

«Muzey rahbariyati mazkur masala ustida ishlamoqda. Umid qilamizki, tez orada barcha muhrlangan mahsulotlar jamoatchilikka taqdim etiladi va muzeyimizdagi do‘konlarda savdoga chiqariladi», — deya qayd etdi ma’muriyat.

Muzey ma’muriyatining qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi uch yil ichida jamg‘arma muzeyga, jumladan moddiq yordam ko‘rsatgani yo‘q. «Biroq biz umid qilamizki, jamg‘arma faoliyatini to‘xtatmaydi va muzey bilan hamkorlik qiladi», — deyiladi bayonotda.

Yangilikka 2015 yilda muzey direktori lavozimidan bo‘shatilgan Marinika Bobonazarova munosabat bildirdi.

«Matbuotda „Nukus muzeyi do‘stlari“ turli bosma mahsulotlar, orgtexnikalar, uskunalar, audiogidlar va boshqalar yo‘qolgani sababli yopilgani haqida yozishmoqda. Buni yuzaki yondashuv deb hisoblayman. Aslida klub boshqaruvi so‘nggi uch yil davomida muzeyning barcha so‘nggi direktorlari bilan uchrashib, ularga va Madaniyat vazirligi rahbariyatiga o‘z savollarini yo‘llab, javob ola bilishmadi. Ular chin yurakdan sevib, xotirlovchi muzey va O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga qo‘shgan hissasi e’tiborsiz qoldirilgach, qaror qabul qilinib, barcha aytib o‘tilgan instansiyalar xabardor qilingan», — deb yozdi Marinika Babanazarova Facebook-sahifasida.