Surxondaryo viloyati hokimligida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishida tashkiliy masalalar ko‘rildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Abdumutalovich Axunov, shuningdek, viloyat prokurori O‘ktam Abdullayevich Saidov boshqa ishga o‘tkazilishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shu kungacha viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Rahmatulla Boboxonovich Gapparov Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Denov tumani hokimi Ulug‘bek Berdiqobilovich Qosimov Surxondaryo viloyati prokurori etib tayinlanganligi ma’lum qilindi.

Muhokama etilgan dolzarb masalalar yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu vazifalarni bajarish barcha bo‘g‘indagi mahalliy rahbarlardan mas’uliyatni chuqur his etib, qat’iy tartib-intizom bilan fidokorona mehnat qilishni, eng muhimi, amaliy natijalarga erishishni talab etishi alohida qayd etildi, deyiladi xabarda.