Toshkent IIBB Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi sovuq kunlar oldidan uy va hujjatlari bo‘lmagan shaxslarga yordam ko‘rsatilishi uchun ular haqda ma’lum qilishni so‘ramoqda.

«Markaz… noqulay hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan kishilarga boshpana berish imkoniyatiga ega, - deyiladi boshqarma bayonotida. - Agarda siz uy va hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslarni uchratib qolsangiz, u haqda o‘zingizning profilaktika inspektoringizga, 102 raqamiga yoki bevosita markazga murojaat qiling».

Aloqa uchun telefonlar: (+99898) 367−07−08 — markaz boshlig‘i Odil Botirov, (+99898) 366−01−07 — markaz boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Baratov.

Uy va hujjatsiz qolgan shaxslar markazda quyidagi ijtimoiy-huquqiy yordamlarni olishlari mumkin: shaxsi va ijtimoiy maqomini aniqlash, pasport olish. So‘ngra ular tibbiyot komissiyasiga, hojatmandlar ixtisoslashgan davolash muassasalariga yo‘naltiriladi. Bugungi kunda jami 264 kishi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan ta’minlandi.

Markazda nafaqat tibbiy, balki psixologik yordam ham ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, markazning bir qism istiqomatchilari shisha idishlarni qabul qilish punktida ishlab, qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Markazda yaqinda dush va oshxona bilan ta’minlangan 450 kishilik turar joy majmuasi qurib bitkazildi.

Muassasaga Toshkent hokimiyati, xususiy firmalar va volontyorlar yordam ko‘rsatmoqda. Kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena va binoni sanitar ishlov berish vositalari keltirib berilmoqda.

Xususan, shanba kuni markazga baykerlar issiq kiyimlar, dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini keltirdi. Xuddi shu kuni markazning 10 nafar istiqomatchisiga pasportlar berildi.


IIBB ko‘ngillilardan markaz istiqomatchilari uchun madaniy-ommaviy tadbirlar: konsertlar, adabiy kechalar va psixologik treninglar o‘tkazishni so‘radi.

Muassasa yaxshi holatdagi kiyim-kechaklar, gigiyena vositalari (sovun, shampunlar, kir yuvish kukunlari, tish pastalari, shyotkalar, taroqlar, sochiqlar), uzoq muddat saqlanuvchi oziq-ovqat mahsulotlari (yormalar, tuz, shakar, o‘simlik moyi va boshqalar), stol o‘yinlari va kitoblar keltirishni so‘radi.

Markaz manzili: Toshkent, Yashnobod tumani, Chashma ko‘chasi, 3.