Turizm-rekreatsiya infratuzilmasi ob’ektlariga tashrif buyurishni (eng avvalo yakka turistlar tomonidan) oshirish, oson yetib borish va turizm sohasiga madaniy meros ob’ektlarining maksimal tarzda integrallashuvi uchun O‘z DSt 3331:2018 «Turizm xizmatlari. Turizm sohasida navigatsiya tizimining axborot belgilari. Umumiy talablar» standarti ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zA Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Ushbu belgilarning asosiy vazifasi — turistlarga noma’lum joyda yo‘nalishni aniqlashda ko‘mak berishdir. Jigarrang fondagi yo‘l ko‘rsatkichlari xorij turistlarining yo‘nalishlari o‘tadigan yo‘llarda o‘rnatish uchun mo‘ljallangan.

Infratuzilma ob’ekti (shahar, ko‘cha, muzey, stadion va h.k.) va geografik ob’ektlarni anglatadigan belgilardagi yozuvlar davlat va ingliz tillarida yoziladi.

Turistlar uchun navigatsiya va yo‘nalishni ko‘rsatuvchi ma’lumotlar tizimining xalqaro namunalarini tanlashda turizm bozorining rivojlanishi yuqori darajada bo‘lgan mamlakatlar tajribasini o‘rganishga ahamiyat berilgan. Xususan MDH hamda Yevropa ittifoqi mamlakatlarining xalqaro standartlari va tajribalari tahlil qilindi.

Ishlab chiqilayotgan Turizm navigatsiyasi tizimi O‘zbekiston hududida amalda bo‘lgan, shahar va qishloq muhitida, avtomobil magistrallarida belgilar va axborotlarni joylashtirish standartiga O‘z DSt 3283 «Yo‘l belgilari. Texnikaviy shartlari» muvofiq bo‘lishiga alohida e’tibor berildi.

Grafik tizimning bir xilligini ta’minlash uchun piktogrammalarda birlashtiruvchi modul elementlaridan foydalaniladi. Sharhlar va stilizatsiya umumdavlat darajasidagi tizimning yuqori estetik talablariga javob beradi. Foydalanilayotgan rang, grafika, ularning haryoqlamaligi va tez tanilishi landshaf va iqlimiy xususiyatlariga qaramasdan O‘zbekistonning barcha hududida belgilar va ko‘rsatkichlarni o‘rnatish jarayonini standartlashtirishga imkon yaratadi. Tizimning qo‘llaniladigan ko‘z bilan ko‘riladigan elementlari turli millatlar va diniy konfessiyalarning vakillari qabul qilishidagi farqlarni hisobga olib ishlab chiqilgan.

Ushbu turizm yo‘l belgilari joylardagi hokimiyatlar qarori bo‘yicha o‘rnatiladi va O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi qoshidagi «Uzavtoyo‘lbelgi» DUK tomonidan tayyorlanadi.