O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tuzilmasida Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi va Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o‘rganish markazi tashkil etildi. Bu O‘zbekiston prezidentning jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Adliya vazirligi Telegram-kanalida xabar qilishicha, farmonga muvofiq, 1 dekabrdan jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlarining yagona hisobi Bosh prokuratura tomonidan yuritiladi.

«Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimi joriy etiladi. Mazkur tizimda elektron statistik kartochkalar orqali jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamalari, sud qarorlari ijrosi natijalari, ayblanuvchi va jabrlanuvchilar bo‘yicha ma’lumotlar kiritib boriladi.

Shuningdek endilikda jinoyat ishlari hamda tergovga qadar tekshiruv materiallariga tartib raqami Yagona axborot tizimiga tegishli statistik ma’lumotlar kiritilgandagina beriladi.

Bundan tashqari, Toshkentning Shayxontohur tumanida, 2019 yil 1 fevraldan Toshkent shahrining boshqa tumanlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan, jinoyat sodir etilishining sabablarini tizimli tahlil qiladigan ekspert-tahlil guruhlari tajriba sifatida joriy etiladi.

Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida esa 1 dekabrdan Axborot markazi va uning hududiy bo‘linmalari tugatildi. Uning o‘rnida Tezkor-ma’lumotlar boshqarmasi tashkil etildi. Ushbu boshqarmaning xodimlariga lavozim maoshining 30 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanadi.