2018 yilning 1−18 noyabr kunlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida ilk marotaba «Toshkent shahar spartakiadasi» sport musobaqalari joriy etilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Bu tadbir yoshlarda sportga bo‘lgan havas va intilishni, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, yosh iqtidorli sportchilarni tanlab olish, ularda professional mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirish, sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga zaxira tayyorlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Mazkur spartakiadada 18 yoshgacha bo‘lgan Toshkent shahrining tuman bosqichlaridan saralangan jami 2211 nafar yosh sportchilar ishtirok etadi.

Sportning 18 turidan o‘tkaziladigan spartakiadada Toshkent shahridagi 12 ta sport majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda jami 2211 nafar sportchi-yoshlar ishtirok etishadi. Shundan 1056 nafarini sportchi-qizlar tashkil etadi. Ular jami 664 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. Shundan, 201 ta oltin, 201 ta kumush, 262 ta bronza medallaridir.

Musobaqalarning tantanali ochilish marosimi 2018 yil 3 noyabr kuni Chilonzor tumanidagi «Universal» sport saroyida bo‘lib o‘tadi.