2019−2023 yillarda paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida prezidentning shu haqdagi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2019−2023 yillar davrida:

  • tijorat banklari tomonidan klasterlar, fermer xo‘jaliklari va paxta xom ashyosini yetishtiruvchi boshqa tashkilotlar hamda tomchilatib sug‘orish tizimlari, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga ajratilgan tijorat banklari kreditlarining foizlarini qoplash uchun davlat tomonidan belgilangan tartibda subsidiyalar ajratiladi;
  • kredit mablag‘larini ajratishda sug‘urta kompaniyalarining kreditning qaytmaslik xatarining sug‘urtalanganligi to‘g‘risidagi polisi, kredit mablag‘lari hisobiga sotib olingan tomchilatib sug‘orish tizimlari qiymatining 80 foizi va boshqa mol-mulklar garov predmeti bo‘lib hisoblanadi;
  • zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, ularning texnologik asbob-uskunalari, butlovchi va ehtiyot qismlari, maxsus texnika va mexanizmlar hamda zarur xom ashyo materiallari (faqat tomchilatib sug‘orishda foydalaniladigan qismi uchun) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘liq ozod qilinadi;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash maqsadida tomchilatib sug‘orish tizimlari butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar 2019−2023 yillar davomida barcha (qo‘shimcha qiymat solig‘idan tashqari) soliqlardan ozod qilinadi;
  • ushbu soliqlardan ozod bo‘lgan mablag‘lar korxonaning moddiy texnik bazasini yaxshilashga yo‘naltirilishi alohida nazoratga olinadi;
  • zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy qilishga sarflangan mablag‘larning klasterlar va boshqa paxta xom ashyosini yetishtiruvchi tashkilotlarga 25 foiz qismi, fermer xo‘jaliklariga 50 foiz qismi davlat byudjeti hisobidan subsidiya tariqasida qoplab beriladi.

Tomchilatib sug‘orish tizimlari paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari va klasterlari hamda boshqa paxta xom ashyosini yetishtiruvchi tashkilotlar tomonidan ularga paxta yetishtirish uchun berilgan maydonlarda hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan ularga ijaraga berilgan yer maydonlarida bosqichma-bosqich joriy qilinadi.