Markaziy bank Boshqaruvining qarori (2018 yil 25 oktyabrda 1948−16-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Birinchidan, banklar tomonidan bank hisobvarag‘ini ochish va unga xizmat ko‘rsatish chog‘ida tadbirkorlik subyektlaridan hujjatlarga muhr qo‘yish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlashni talab etish taqiqlandi.

Tadbirkorlik subyektida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda ham ushbu taqiq qo‘llaniladi. Tadbirkorlik subyektlari turlari (yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar, yirik biznes) bo‘yicha ham farqlanmaydi.

Endi hujjatlar aylanmasida faqat imzolar namunalari qo‘yilgan varaqchalardan (ilgari — imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalar) foydalaniladi. Tadbirkorlik subyektlari va ular sirasiga kirmaydigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun varaqchalarning yangi namunalari tasdiqlandi.

Ikkinchidan, ta’sischilari O‘zbekiston rezidenti — jismoniy shaxslardan iborat bo‘lgan yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida milliy va chet el valyutasidagi bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishlari mumkin.

Bank hisobvarag‘ini ochishda bank hisobvarag‘i shartnomasi ofertasini akseptlash (ya'ni bank taklif etayotgan shartlarga so‘zsiz rozilik berish) yo‘li bilan tuziladi.

Shu bilan birga yuridik shaxslar faqat imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha (2 nusxada), shuningdek birinchi va ikkinchi imzo egalarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgandan keyingina to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Bank xodimlari shaxsiy hujjatlardan nusxa olib, aslini qaytarib beradilar.