O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya 21−24 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Eronda bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif chog‘ida delegatsiya Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda amalga oshirilayotgan transport-kommunikatsiya loyihalari, avvalo «Xaf — Hirot» yangi temir yo‘l tarmog‘i infrastrukturasi hamda Chohbahor dengizi porti imkoniyatlari bilan tanishdi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va Eron temir yo‘llari tashkiloti rahbariyatlari bilan ham uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Tashrif davomida afg‘on muammosi yechimiga ko‘maklashish, Afg‘onistonda tinchlik muzokaralarini boshlash yo‘llari hamda ushbu mamlakatda infrastruktura loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.