Hukumat qarori bilan Prokuratura organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foizsiz qarz berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.Bu haqda Adliya vazirligi rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Mazkur nizom O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi va Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining boshqaruv xodimlari, shuningdek, prokuratura organlarining amaldagi kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlariga imtiyozli shartlarda kreditga uy-joy va avtotransport vositalarini sotib olish uchun dastlabki badalni kiritish maqsadida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foizsiz qarz berish tartibini belgilaydi.

Bunda qarz berish masalalarini ko‘rib chiqish uchun komissiya tashkil etiladi.

Xodim qarz olish uchun komissiyaga ariza bilan birgalikda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • pasport nusxasi;
  • uy-joy yoki avtotransport vositasini sotib olish yuzasidan tuzilgan shartnoma nusxasi;
  • kafilning pasporti nusxasi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Qarz miqdori sotib olinadigan uy-joy va avtotransport vositasi qiymatining 25 foizidan oshmasligi lozim.

Qarz shartnomasi Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi va xodim o‘rtasida, qoida tariqasida, avtotransport vositasi bo‘yicha 5 yil, uy-joy bo‘yicha esa 10 yil muddatga tuziladi.

Xodimning ehtiyojini inobatga olib, muayyan kredit turi uchun qarz berilgan vaqtdan 3 yil o‘tgach va qarz to‘liq qaytarilgan taqdirda ana shu kredit turi bo‘yicha takroran qarz berilishi mumkin.