«Samarqandkimyo», «Elektrkimyozavod» va «Jizzax plastmassa"ning ustav kapitalidagi davlat ulushi investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan, xususiy investorlarga bozor qiymatida sotiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti 25 oktyabrda imzolagan kimyo sanoatini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Mazkur hujjat bilan Koreya kimyo- texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda «Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti» MCHJ va «O‘zkimyosanoatloyiha» AJ negizida — Ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti — Kimyo texnologiyalari markazini tashkil etishga rozilik berildi.

EDCF (Koreya Respublikasi) liniyasi bo‘yicha Eksimbankning 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit va grant mablag‘larini jalb etish rejalashtirilmoqda.

«O‘zkimyosanoat» AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

U 2018−2030 yillarda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni 4,5 barobarga, shu jumladan, mineral o‘g‘itlarni — 2 barobarga (1,2 mln tonnadan 2,4 mln tonnagacha), mahsulotlar eksportini — 4 barobarga oshirish, shuningdek, organik kimyo mahsulotlari ulushini 7 foizdan 54 foizgacha yetkazish orqali tarmoqni diversifikatsiya qilishni nazarda tutadi.

Buning uchun 2018−2020 yillarda «Ammofos-Maksam» zavodida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hisobiga fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 20 ming tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda.

«Navoiyazot"da yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol, 500 ming tonna azot kislotasi, 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi.

«Farg‘onaazot» korxonasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda yiliga 7,8 mln dona zamonaviy polimer oboylar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.

Mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 4,8 milliard AQSH dollariga teng 29 ta investitsiyaviy loyihalar asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

Hujjatda respublika kimyo tarmog‘ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • uglevodorod xomashyosini va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlarida va jahon bozorida talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyo mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish;
  • respublikaning mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talabini qondirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilish;
  • kimyo sanoati korxonalarining ustav kapitalida davlat ishtirokini qisqartirish, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, tarmoq korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni chuqurlashtirish;
  • fanni va sohaviy ilmiy tadqiqotlarni faol rivojlantirish, shuningdek, birinchi navbatda, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan ilg‘or ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish;
  • loyiha-injiniring ishlari va diagnostika tadqiqotlari sifatini oshirish, kimyo va kimyo texnologiyalarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil etish.

Hujjatda qayd etilishicha, kimyo tarmog‘ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Bundan tashqari, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida jahon kimyo sanoati rivojlanishining tendensiyalarini va respublikaning muhim xomashyo salohiyatini hisobga oluvchi fundamental ilmiy baza va zamonaviy loyiha-injiniring ishlanmalari mavjud emas.