Moliya vazirligi avgust-sentyabr oylarida Ijro intizomini nazorat qilish yagona tizimi - mf.ijro.uz ishga tushirdi. Mazkur tizim «UNICON-SOFT» kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlandi, deya xabar qildi O‘zA.


2−30 oktyabr kunlari mf.ijro.uz dasturiy ta’minotiga ulanishi va vazirlik markaziy apparatini «test» jarayonida ishlashi hamda joriy yilning 1 noyabrdan boshlab barcha hujjatlar aylanmasini butunlay «mf.ijro.uz» tizimiga o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.


Vazirlikning hududiy moliya organlari va g‘aznachilik bo‘linmalari hamda tizimdagi tashkilotlarda «mf.ijro.uz» tizimiga o‘tish jarayoni 2019 yilning yanvar oyidan rejalashtirilgan.


Endilikda vazirlikka kirim qilinayotgan barcha hujjatlar juda qisqa fursatda tegishli mutasaddi rahbar va ijrochilarga yetkaziladi. Mazkur dasturda ijro etilgan hujjatlar haqidagi ma’lumotlar bir vaqtning o‘zida «mf.ijro.uz» — Idoralararo yagona hujjatlar dasturi orqali O‘zbekiston Hisob palatasi va Bosh prokuratura bilan integratsiya qilinadi.


Shuningdek, har bir xodim tomonidan ijro etilgan hujjatlarni o‘ziga tegishli bo‘lgan E-Kalit qurilmasi yordami bilangina ijro nazorati ro‘yxatidan chiqaradi va xodimning ish kunida nechta hujjat tayyorlagani hamda ularning bajarilish muddatini monitoring qilish imkonini beradi.


O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini maxsus jurnal va hisob varaqalarida ro‘yxatga olish tartibi, ular bo‘yicha hisob kartotekalarining qog‘oz shaklida rasmiylashtirilishi va yuritilishi, eng muhimi, kirim qilinayotgan barcha hujjatlarning nushalarini ko‘paytirish jarayonlari bekor qilindi va ortiqcha sarf-xarajat qilinayotgan katta hajmdagi qog‘oz tejalib iqtisod qilinadi.