22 oktyabr kuni Toshkentdagi Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Doktor Maksudova innovatsion klinikasiga ikkita gulchangi qopqoni o‘rnatildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, VPPS 2010 ekologik gulchangi qopqonlari gullagan o‘simliklarning changlariga bo‘lgan allergiyani nazorat qilish imkonini beradi.

Gulchangi qopqonlarida yig‘ilgan changlar laboratoriya sharoitida kuchli mikroskoplar orqali tekshiriladi va tekshiruv natijalari o‘pkaga tushishi mumkin bo‘lgan changlar haqida to‘liq tasavvur beradi. Tahlillar natijalari 2019 yildan boshlab vazirlik saytida e’lon qilib boriladi.

Uskunalar poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan InnoWeek haftaligi doirasida Vena tibbiyot instituti bilan hamkorlikda o‘rnatildi.