O‘zbekiston Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 oktyabrdagi davlat-xususiy sheriklikni (DXSH) rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini yaratish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

«An’anaviy ravishda davlat tasarrufida va boshqaruvida bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada to‘planib qolgan muammo va kamchiliklar davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etishni jadallashtirish yuzasidan muhim choralar ko‘rishni taqozo etmoqda», — deyiladi hujjatda.

Unda qayd etilishicha, ijtimoiy va kommunal sohalar, shaharsozlik va obodonlashtirish, yo‘l xo‘jaligi, energetika sohasidagi davlat monopoliyasi tovarlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sifatini, davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini pasaytirmoqda.

Yangi agentlikning asosiy vazifalari iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, DXSHni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, DXSH loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash va taqsimlash yuzasidan ularning takliflarini ko‘rib chiqish va boshqalardan iborat.

Endilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, tanlov hujjatlari, shuningdek, DXSH to‘g‘risidagi bitimlar loyihalari va ularga kiritiladigan o‘zgartirishlar majburiy tartibda agentlik bilan kelishilishi lozim.

Agentlik direktori bir vaqtning o‘zida moliya vazirining o‘rinbosari ham hisoblanadi.

Qarorda bir oy muddatda «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.