Chilonzor tumanidagi sanoat zonasida Golden Corn Toshkent kraxmal-patoka zavodi ishga tushirildi. Uning ochilish marosimida poytaxt hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.

Mazkur korxona O‘zbekistonda kraxmal kukuni, patoka, maltoza va maltodekstirin ishlab chiqaruvchi birinchi zavod bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida mahalliy makkajo‘xori boshoqli don ekinidan foydalaniladi.

Loyihaning umumiy qiymati 4,6 mln AQSH dollarini, shundan Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki kredit liniyasi hisobidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari, Xitoy davlatidan sotib olingan uskunalar qiymatida 2 mln dollarini va kompaniya o‘z mablag‘lari evaziga ulushi, ya’ni amalga oshirilgan qurilish ishlar shaklida 2,6 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Zavodning quvvati kuniga 80 tonna xom-ashyodan kraxmal kukuni, patoka, maltoza va maltodekstirin ishlab chiqarilishiga mo‘ljallangan. Loyiha o‘rtacha yillik 19,2 ming tonna yoki 9,6 mln dollar miqdorida mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Zavod faoliyati natijasida asosiy mahsulotlardan tashqari qoramolchilik va chorvachilik uchun yem (makkajo‘xori qobig‘i) hamda tovuqchilik va baliqchilik uchun omuxta yem (gluten) va bioqo‘shimcha mahsulotlari, yog‘-moy kombinatlari uchun ikkilamchi xomashyo turi (jerm) ishlab chiqariladi.