Toshkentda dushanba kuni kuzatilgan g‘ayrioddiy loyli yomg‘irga kuchli shamol ko‘targan chang bo‘roni sabab bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston FVV qoshidagi Gidrometeorologiya xizmati markazi «Gazeta.uz"ga.

"15 oktyabr kuni kechqurun sovuq havo oqimi kirib kelishi bilan shamol tezligi 12−14 m/s ga qadar kuchaydi va chang bo‘roni boshlanib, ko‘rish 1800−2000 m gacha yomonlashdi. Bunday hodisa hatto kuchliroq shavol esganda ham kuzatilmagan edi", — deya ma’lum qildi O‘zgidromet.

«So‘nggi vaqtlarda Toshkentda faollik bilan olib borilayotgan qurilish ishlari bu qadar jadallikdagi changli bo‘ronning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab tumanlarda yangi uylar, ko‘priklar qurilmoqda, yangi yo‘llar yotqizilib, eskilari ta’mirlanmoqda. Tuproq ishlari natijasida quruq yer uchastkalari paydo bo‘lib, qum, chang shamol hatto 10−12 m/s tezlikda esganda ham havoga ko‘tarilmoqda», — deya izoh berdi O‘zgidromet.

Markazning ma’lum qilishicha, Toshkentda chang bo‘ronlari juda kam sodir bo‘ladi. Asosan bir yilda bir-ikki marta, ba’zida uch-to‘rt marta changli bo‘ronlar kuzatiladi. Odatda ular yilning issiq vaqtlarida — bahor va yozda qayd etiladi. Ko‘rish masofasi 3−5 km gacha qadar yomonlashadi.