Buxoro viloyatida kichik sanoat zonalari davlat mulkining va davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va ob’ektlari negizida tashkil etiladi. Prezidentning 2018 yil 11 oktyabrdagi qarorida ana shular nazarda tutilgan. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Tashkil etiladigan KSZlar soni, umumiy hududi va joylashgan joyi hujjatga ilovalar e’lon qilingandan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Yagona KSZ direksiyasi tashkil etiladi. KSZ ishtirokchilariga investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish to‘g‘risidagi qarorlar Buxoro viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi tomonidan qabul qilinadi.

KSZ direksiyasi va ishtirokchilariga 2020 yilning 1 noyabriga qadar belgilangan eng kam miqdordan (egallab turgan maydondan kelib chiqqan holda hisoblanadigan yer solig‘ining uch baravar summasidan) kam bo‘lmagan miqdorda YAST to‘lash bo‘yicha talab tatbiq etilmaydi.

KSZ hududidagi davlat ko‘chmas mulki tadbirkorlik sub’ektlariga 10 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi. Ijarga olingan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda, ortib boradigan koeffitsiyentni qo‘llamasdan ijara to‘lovining eng kam stavkasi belgilanadi.

Tadbirkor biznes rejalarni, ish o‘rinlarini yaratish va saqlab qolish majburiyatlarini bajargan, barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lagan taqdirda ijaraga olgan mol-mulki unga mulk qilib beriladi.

2 oy muddatda Buxoro viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xom ashyo, qishloq xo‘jaligi resurslari va infratuzilmani hisobga olgan holda KSZ hududida tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlarning import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha aniq takliflar — «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.

Ma’lumot uchun: kichik sanoat zonasi — muayyan yer uchastkasini, ayrim hollarda — muhandislik-texnik kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan ishlab chiqarish maydonlarini o‘z ichiga olgan hudud.

Hujjat «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilingan va 12.10.2018 yildan kuchga kirdi.