Prezidentning «Tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan olib kiriladigan quyidagi turdagi tovarlar 2020 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi:

tuyaqushlar;

birlamchi shakldagi etilen polimerlari.

Shuningdek, qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 yanvardagi qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy va Kegeyli tumanlarida joylashgan tadbirkorlik sub’ektlari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakillantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va faqatgina ushbu tumanlarda foydalaniladigan maxsus texnika, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun 2020 yil 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashituruvchi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etildi.