Samarqand viloyati Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobononazarov tuman aholisiga murojaat bilan chiqib, ajrashish va dabdabali to‘ylar muammolarini qayd etib o‘tdi. Uning murojaati tuman hokimiyatining «Qo‘shchinor» gazetasida e’lon qilindi.

Bahodir Bobononazarov ko‘p sonli ayollar xorijga ishlash uchun ketayotgani, natijada ajrashishlar soni ortib, bolalar nazoratsiz qolayotganini qayd etdi.

«Ba’zi oriyatsiz erkaklar ayollarini chetga ishlashga jo‘natib, o‘zlari uy „sohibasi“ bo‘lib o‘tirishibdi. Tog‘ni ursa talqon qilgulik kuchga ega notavonlar xotini yuboradigan pulga ko‘z tikib o‘tirishibdi. Ayting, ularning oilasi oldidagi burchi, or-nomusi, g‘ururi qayerda qoldi?! Nahotki, bunday tubanlik bizga yarashsa?!» — deya savol bilan murojaat qildi u.

Hokim shunday davom etadi: «Chet elda yashab, ishlab yurgan opa-singillarimiz, u yerdagi yengil-yelpi hayotga uchib, oilasidan, bolalaridan voz kechib ketish holatlarini qanday izohlaymiz? Xonadonning farishtasi bo‘lishga munosib onalarimizning beshikdagi emizikli go‘dagini tashlab, boylik izlab yurishi fojia emasmi? Buning natijasida oilaviy ajrimlar soni ortib, xonadonlar bekasiz, farzandlar qarovsiz qolmoqda».

Hokim tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki oy davomida Toyloq tumanida er-xotin o‘rtasidagi ajrimlar soni 181 taga yetgan. Shuningdek, hozirgi kunda 4650 nafar xotin-qizlarimiz ishlash maqsadidaketgan bo‘lib, shundan 1851 nafari Turkiya davlatida, 1307 nafari Rossi federatsiyasida, 230 nafari Isroilda, 195 nafari Koreya mamlakatida, qolgani esa turli o‘lkalarda.

«Turli sabablarga ko‘ra parokanda bo‘lgan oila farzandlarining kelajagini kim o‘ylaydi? Pushti kamaridan bo‘lgan zuryodlariga to‘g‘ri tarbiya berish u yoqda tursin, hatto ularning moddiy ta’minotini o‘ylamay, rizqini qiyayotgan, aliment to‘lashdan bosh tortayotgan kimsalarni qanday ota deb atash mumkin?» — deya so‘radi hokim.

Bahodir Bobonazarov ayollarni asrash va erkak nomiga munosib qolishga chaqirdi.

Hokim to‘y-ma’rakalardagi ortiqcha dabdababozliklarga ham e’tibor qaratib o‘tdi. «Oilaviy nizolar, ajrimlar, qarindosh-urug‘, quda-andalarning yuz ko‘rmas bo‘lishiga olib kelayotgan bu illatning tomir otishiga ma’raka va marosimlarda yangicha urf-odatlarni joriy etish, ortiqcha sarpo-suruqlar qilish, ayniqsa, bo‘lajak kelinlarimiz kuyovning uyiga qimmatbaho mebelu, jihozlar bilan borishi sabab bo‘lmayaptimi?! Bu holat er-yigitlarimizning izzat-nafsiga tegmayaptimi? Ota-onasiga „Mana bunaqa mebelni olib berasiz“ deb, narxi osmondagisini ko‘rsatayotgan qizlarimizning hayosi qayerda qoldi?! Nahotki, ular o‘sha biz bilgan Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, To‘maris avlodi bo‘lsa?! Qachon bu haqda o‘ylab ko‘ramiz?! Qachongacha misqollab yiqqan mablag‘imizni bir kunlik hoyu havas uchun shamolga sovuramiz? Kibru havo, manmanlik kasalligidan qachon xalos bo‘lamiz?!»