O‘zbekistonda transport vositalaridan chiqindilarni tashlab yuborganlik uchun jarimalar miqdori oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, o‘zgartishlar uch oydan so‘ng (11 yanvardan) kuchga kiradi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangilangan 123-moddasiga ko‘ra, poyezdlarning vagonlari, avtomobil va shahar elektr transportidan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish — eng kam ish haqining beshdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Hozirgi kunda jarima miqdori EKIHning o‘ndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun bilan belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish uchun javobgarlik joriy etilib, suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish qoidalarini buzish uchun javobgarlik kuchaytirildi.