2018 yil 11 oktyabr kuni soat 14 dan 24 daqiqa o‘tganda Chilonzor metro liniyasining Olmazor bekatida 14-sonli mashrut bekatning aylanish joyiga kelganda poyezd texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.

Undan keyin kelayotgan poyezdlarni aylantirish imkoniyati bo‘lmagan. Shu sababli metrodagi poyezdlar harakat jadvalini saqlash hamda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, shuningdek, poyezdlar oralig‘idagi masofa cho‘zilib ketishining oldini olish maqsadida Paxtakor bekatida vaqtincha poyezdlar ikkinchi yo‘lga aylantirilib, harakati tashkil qilindi.

Bu jarayonda poyezdlar qatnovining oraliq masofasi 17 daqiqani tashkil qildi. Yuz bergan texnik nosozlik jami 35 daqiqada bartaraf qilindi va metro poyezdlari yana o‘z jadvali asosida harakatini davom ettirdi.

Bunday texnik nosozlik tufayli yuzaga kelgan noqulaylik uchun Toshkent metropoliteni ma’muriyati barcha yo‘lovchilardan uzr so‘raydi.